O‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish “Legal Tech” tizimi

Ommaviy oferta

Yurxizmat.uz” tizimi yuzasidan

OMMAVIY OFERTA

Mazkur hujjat “Adolat” milliy huquqiy axborot markazining Yurxizmat.uz tizimidan foydalanish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367-370-moddalariga muvofiq xizmat koʻrsatish shartnomasini (keyingi oʻrinlarda – Shartnoma) tuzish yuzasidan layoqatli boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarga shaxslarga (keyingi oʻrinlarda – “Foydalanuvchi”) rasmiy taklif hisoblanadi.

“Foydalanuvchi” tomonidan mazkur ofertada belgilangan harakatlarning bajarilishi, u tomonidan oferta shartlariga rozilik berilganligini va oferta akseptlanganligini anglatadi. Ofertani aksept qilgan paytdan shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Mazkur shartnomada toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilmagan barcha hollarda, tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va ish muomalasi odatlariga rioya qiladilar.

1. Mazkur ofertada quyidagi tushuncha va atamalar qoʻllaniladi:

“Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi” – Adolat milliy huquqiy axborot markazi;

“Foydalanuvchi” – “Yurxizmat.uz” rasmiy sayti xizmatlardan foydalanadigan jismoniy yoki yuridik shaxslar;

“Yurxizmat.uz” rasmiy sayti – Yuridik va jismoniy shaxslar uchun huquqiy axamiyatga ega bo‘lgan hujjatlarning onlayn xizmatini ko‘rsatuvchi sayt.

“LEX.UZ Offline” tizimdan foydalanish shartlari toʻgʻrisidagi kelishuv

 

2. Foydalanuvchi tomonidan oferta “Yurxizmat.uz” saytining ro‘yxatidan o‘tish va/yoki qatnashish bo‘yicha harakatlarini amalga oshirishi orqali aksept (qabul) qilinadi.

3. Roʻyxatdan oʻtishda soxta maʼlumotlar yoki boshqa shaxslarga tegishli boʻlgan maʼlumotlar kiritilishi, boshqa shaxslar nomi bilan roʻyxatdan oʻtilishi, yuridik shaxslar nomidan ro‘yxatdan o‘tishga vakolati boʻlmagan shaxslar tomonidan roʻyxatdan oʻtilishi “Foydalanuvchi” uchun Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin.

“Foydalanuvchi” tizimda roʻyxatdan oʻtganligini, tizimdagi kabinetini boshqalarga oʻtkazishga haqli emas.

Tizimdan foydalanishdan avval “Foydalanuvchi” mazkur ofertaning matni bilan toʻliq tanishib chiqishi zarur. Ofertaning shartlaridan toʻliq yoki qisman norozi boʻlgan “Foydalanuvchi” tizimdan foydalanishdan bosh tortishi zarur.

4. Ushbu Kelishuvning shartlarini qabul qilgan holda, “Foydalanuvchi” quyidagilarni tasdiqlaydi va kafolatlaydi:

- ushbu kelishuv ixtiyoriy tuzilganligini;

- mazkur ofertaning barcha shartlari bilan tanishganligini, tushunganligini, qabul qilganligini;

- ommaviy oferta shartlariga soʻzsiz rozi ekanligini va rioya qilishini.

5. “Yurxizmat.uz” rasmiy saytidan foydalanish bepul hisoblanadi. Saytning yuridik shaxslar faoliyatiga oid bo‘limlari yoki bo‘limlardagi ayrim huquqiy hujjatlari preskurant asosida pul to‘lovlari undirilgan holda taqdim etilishi mumkin.

Foydalanuvchilar Yurxizmat.uz saytining rivoji uchun beg‘araz moliyaviy yordam ko‘rsatishlari mumkin.

6. Foydalanuvchi ushbu saytdan o‘z hohishiga binoan foydalanish huquqiga ega.

7. Saytdagi hujjatlardan foydalangan holda tijoriy maqsadlarda boshqa shaxslarga protsessual va boshqaruvga oid huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlab berish taʼqiqlanadi. Hujjatlardan tijoriy maqsadlarda foydalanishga “Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi” bilan yozma ravishda shartnoma tuzilib, to‘lovlar amalga oshirilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Foydalanuvchi tomonidan ushbu rasmiy saytning materiallaridan maqolalar, ilmiy ishlar yoki boshqa turdagi axborot beruvchi maʼlumotlar uchun foydalanilganda saytning rasmiy nomi ko‘rsatilishi shart.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 27 hamda
28-moddalaridan kelib chiqqan holda tizimdan oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan boʻlsada emansipatsiya huquqiga ega boʻlgan shaxslar mustaqil ravishda foydalanishlari mumkin. Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan “Foydalanuvchi”lar ota-onasining yoki ularni oʻrnini bosuvchi shaxslarning roziligini olishi, ularni ham ommaviy oferta shartlari bilan tanishtirishi lozim. Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan “Foydalanuvchi”lar tizimdan faqatgina ota-onasi yoki ularni oʻrnini bosuvchi shaxslar orqali foydalanishi mumkin.

“Foydalanuvchi” tomonidan uning yoshi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar notoʻgʻri kiritilganligi Markaz uchun javobgarlik keltirib chiqarmaydi.

Tomonlarning javobgarligi

9. Tizim imkoniyatlaridan foydalanish maqsadida “Foydalanuvchi” tomonidan kiritiladigan maʼlumotlarning toʻgʻriligiga “Foydalanuvchi”ning shaxsan oʻzi javobgar hisoblanadi.

10. “Foydalanuvchi” tizimdan noqonuniy, boshqalarning huquqlarini buzadigan va boshqacha tarzda zararli boʻlgan maqsadlarda foydalanishi, “Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi” tomonidan qoʻyilgan cheklovlarni buzib (chetlab) oʻtishi taʼqiqlanadi.

11. “Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi”ning mulk huquqini buzish, shu jumladan serverlariga zarar yetkazish, tizimning tarkibiy qismlarini, tizimning dasturiy taʼminotini, algoritmlarini, tehnik jihatlarini buzish, koʻchirib olish, har qanday koʻrinishda boshqa shaxslarga oʻtkazish qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.

12. “Foydalanuvchi” mazkur ommaviy oferta yuzasidan zimmasiga olgan huquqlari va majburiyatlarini uchinchi shaxslarga oʻtkazishga haqli emas.

“Foydalanuvchi” tizimdan foydalangan holda tayyorlagan materiallaridan foydalanishi yoki foydalanmasligi, qay maqsadda foydalishi uchun shaxsan masʼul hisoblanadi. “Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi” “Foydalanuvchi”ning harakat yoki harakatsizligiga javob bermaydi.

13. “Foydalanuvchi” mazkur shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi natijasida vujudga kelgan har qanday zarar yoki salbiy oqibatlarga oʻzi javob beradi.

14. “Foydalanuvchi” xavfsiz boʻlmagan ulanishlardan foydalangan holda, yoxud zararli dastur va ilovalar tahdidi ostida oʻzining shaxsga doir maʼlumotlarini qurilmaga kiritishida ularning xavfsizligiga toʻliq javob beradi.

Agar ushbu harakatlar “Foydalanuvchi” tomonidan shartnoma shartlarini bajarilmaganligi oqibatida sodir boʻlgan boʻlsa, “Tizim boshqaruvchisi” mazkur shartnoma shartlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun javob bermaydi.

15. Tizimdagi huquqiy hujjat namunalari tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, “Foydalanuvchi”, “Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi” va uchinchi shaxslar uchun hech qanday huquq yoki majburiyat keltirib chiqarmaydi.

Ulardan foydalanish natijasida, shuningdek, “Foydalanuvchi” tomonidan hujjatlarni to‘ldirishda yo‘l qo‘yilgan xatoliklar, nomuvofiqliklar natijasida kelib chiqadigan har qanday oqibatlar uchun “Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi” javobgar hisoblanmaydi.

16. “Foydalanuvchi” mazkur Ofertaning shartlari bilan tanishmaganligi sababli kelib chiqqan har qanday zarar uchun “Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi” javob bermaydi. Tizim faoliyat koʻrsatishi uchun “Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi” tomonidan foydalaniladigan huquqiy, texnik va dasturiy taʼminotlarda uchinchi shaxslarning aybi bilan uzilishlar boʻlgan hollarda, “Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi” javobgarlikni oʻz zimmasiga olmaydi.

17. “Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi” ham “Foydalanuvchi” ham ushbu shartnomada belgilangan javobgarlik belgilanganligini tan olgan holda, agar ularning nazoratidan tashqaridagi har qanday sharoitlar oqibatida, shu jumladan, hukumat faoliyati yoki terroristik harakatlar, zilzilalar, yongʻinlar, toshqinlar yoki boshqa tabiiy ofatlar, ish sharoitlari bilan bogʻliq vaziyatlar, elektr taʼminotidagi uzilishlar, Internetga ulanishdagi buzilishlar hamda serverga soʻrovlar yuklamasi ortganligi sababli boʻladigan uzilishlar kabi holatlar boʻlsa tomonlarning hech biri javob bermasligi haqida kelishgan hisoblanadi.

Tizimda xizmatlar koʻrsatilishining toʻxtalishiga olib keladigan yirik avariyalar yuz berganda hamda uning nazoratidan tashqaridagi har qanday sharoitlar oqibatida xizmat koʻrsatishda uzilishlar yuzaga kelganda “Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi” “Foydalanuvchi”larni bu haqda, shuningdek, xizmatlarni koʻrsatish tiklanishining taxminiy muddatlari toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali yoki “Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi” tomonidan tanlangan istalgan boshqa usulda xabardor qiladi.

18. “Foydalanuvchi” tomonidan “Yurxizmat.uz” tizimdan foydalanish mobaynida tizimga zarar yetkazilganda, maʼlumotlar oʻchirib yuborilganda, yaroqsiz holatga keltirilganda va ziyon yetkazish bilan bogʻliq boshqa hollarda, aybdor shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli javobgarlikka tortiladi.

19. “Foydalanuvchi”ning ismi, otasining ismi, familiyasi, lavozimi va boshqa shaxsiy maʼlumotlaridan “Yurxizmat.uz” tizimida foydalanish faqatgina ushbu shaxsiy maʼlumotlar egasining ruxsati bilangina amalga oshirilishi mumkin.

Nizolarni koʻrib chiqish tartibi

20. Mazkur shartnomadan kelib chiquvchi har qanday nizo, muzokaralar orqali, yoxud “Foydalanuvchi”ning yozma murojaati asosida eʼtiroz tartibida koʻrib chiqilishi zarur. Murojaatni koʻrib chiqish va uning mazmuniga quyiladigan talablar amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

21. Agar vujudga kelgan nizo eʼtiroz tartibida hal etilmasa, Oʻzbekiston Respublikasi amaldagi qonun hujjatlari belgilangan tartibga muvofiq javobgarning joylashgan yerdagi taalluqligi boʻyicha sudda koʻrib chiqiladi.

22. “Foydalanuvchi”lar eʼtirozlari bilan bogʻliq ishlar va texnik qoʻllab-quvvatlash xizmatlari “Foydalanuvchi”larga faqat soʻrovlarni qabul qilish, ularga ishlov berish va tegishli soʻrovlarga javoblarni yuborish orqali amalga oshiriladi.

Biz bilan bogʻlanish

23. Tizim hamda u orqali koʻrsatiladigan xizmatlar yuzasidan fikr-mulohazalar, soʻrovlar, murojaatlar, shikoyatlar hamda takliflar (shu jumladan hamkorlik takliflari) “Foydalanuvchi”larning soʻrovlari “Huquqiy hujjatlar onlayn xizmati tashkilotchisi”ning rasmiy elektron pochtasi yoki telefon raqami orqali qabul qilinadi.

Boshqa shartlar

24. Mazkur ommaviy ofertada toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilmagan har bir masalani tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlaridan kelib chiqqan holda hal qiladilar.

25. Mazkur ommaviy ofertani qabul qilib, “Foydalanuvchi” ushbu shartnomaning barcha shartlarini soʻzsiz qabul qilganligini tasdiqlaydi va uni bajarishni oʻz zimmasiga oladi.